O'zbekiston Respublikasida ta'lim tizimi davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biridir. Ta'lim muassasalari zamonaviy bilim va ko'nikmalarni shakllantirish, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning intellektual, ijodiy va kasbiy salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan. Viloyat ta'lim boshqarmasi maktabgacha, umumiy o'rta, o'rta maxsus va kasb-hunar ta'limi muassasalarida ta'lim sifatini oshirish, o'quv dasturlarini davlat standartlariga muvofiqlashtirish, pedagog kadrlar malakasini oshirish hamda raqamli ta'lim texnologiyalarini joriy etish bo'yicha tashkiliy-metodik rahbarlikni amalga oshiradi. Boshqarma o'z faoliyatida O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Prezident farmonlari va qarorlariga, Vazirlar Mahkamasi hujjatlariga, shuningdek «Ta'lim to'g'risida»gi qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga amal qiladi. Asosiy vazifalar — har bir o'quvchining sifatli ta'lim olish huquqini ta'minlash, maktablar infratuzilmasini rivojlantirish, olimpiadalar va fan tanlovlarini qo'llab-quvvatlash, o'quvchilarning bilim darajasini monitoring qilish hamda ta'lim jarayonini shaffof va samarali tashkil etishdir.